Sud hukmida keltirilishicha, Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida yashovchi 31 yoshli Gʻ.A. 2025-yil 5-oktyabr kuni 3 nafar doʻsti bilan ov qilish maqsadida Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumaniga borgan. Ular tumanning Gulzor mahallasidagi dala maydonida yovvoyi toʻngʻizni ovlamoqchi boʻlgan. Ovchilar turli joyga, qamishlar orasiga berkinishgan.
Gʻ.A. berkinib oʻtirganda sherigi O.M. qamishlar orasidan unga yaqinlashgan. Doʻstini yovvoyi hayvon deb oʻylagan Gʻ.A. ehtiyotsizlik oqibatida unga qarata ov qurolidan bir marta oʻq uzgan. Otilgan oʻq O.M.ning bosh miya orqa qismi chap tomonini jarohatlagan.
Rasman roʻyxatdan oʻtib, 2-yildan buyon ovchilik bilan shugʻullanib kelgan Gʻ.A. sudda aybiga iqrorlik bildirgan va sherigini bilmasdan otib qoʻyganini aytgan.
«Kunduz kuni baliq tutib, dam olib oʻtirganimizda yovvoyi toʻngʻiz izini koʻrdik. Kechda ushbu hayvonni ovlash maqsadida oldindan kelishilgan joylarni egallab, kuta boshladik. Biroq yovvoyi toʻngʻiz biz tomonga emas, makkajoʻxori tomonga qarab qochdi. Keyin zovur oldidagi balandlikka chiqib, joylarimizni oʻzgartirdik. Men transformator oldidagi simyogʻoch tagiga joylashdim. O.M. mendan 100 metr uzoqlikda boʻlgan masofada oʻtirdi.
Bu vaqtda chuqurlikda hech kim yoʻq edi. Soat taxminan 22:30 lar atrofida mendan 15-20 metr uzoqlikdagi balandlik yonboshida qora sharpa koʻrindi va shitirlab men tomonga kela boshladi. Engashib yurib kelayotgani uchun uni yovvoyi toʻngʻiz, deb oʻylab, ov qurolimni toʻgʻirladim. Sharpa oʻsha atrofdagi chuqurlikka qarab yura boshladi. Keyin unga qarata oʻq uzdim. Shu vaqtda oʻsha yerdan odamning baqirgan ovozi eshitildi.
Yugurib borsam O.M. boshini ikki qoʻli bilan ushlab, enkayib yotgan ekan. Unga tur, hazillashma, dedim. Bosh kiyimini yechganida qoʻli qonligini koʻrib qoʻrqib ketdim», degan Gʻ.A. oʻz koʻrsatmasida.
Soʻngra Gʻ.A. sheriklarini yordamga chaqirgan. Doʻstlar birgalashib yaralangan O.M.ni shifoxonaga olib borgan. Biroq u koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramay, shifoxonada vafot etgan.
Sudlanuvchi O.M.ni qasddan otib oʻldirmaganini, oʻsha vaqtda atrof qorongʻi boʻlgani sababli hech narsa koʻrinmaganini, marhum yaqin doʻsti boʻlganini aytib, suddan yengillik soʻragan.
JIB Mirzachoʻl tuman sudining hukmi bilan Gʻ.A. Jinoyat kodeksining 102-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topildi.
Sudlanuvchi A.Gʻ.U. Oʻzbekiston Respublikasi JKning 102-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (ehtiyotsizlik orqasida odam oʻldirish) sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 1-yil muddatga ov qilish huquqidan mahrum qilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1,5-yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.