Jizzaxda Oʻzbekiston -Rossiya qoʻshma korxonasi ish boshladi

    Agrosektor 28 Noyabr 2023 2069

    Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida bunyod etilgan “BMB-NRC Agrologistics” agrologistika markazi Oʻzbekiston -Rossiya hamkorligidagi eng yirik loyihalardan biri hisoblanadi. Bugun, mazkur korxonaning birinchi bosqichi ishga tushirildi.

    40 gektar hududni oʻz ichiga olgan markaz qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saralash, kalibrlash, qayta ishlash, qadoqlash va saqlash kabi xizmatlarni oʻz ichiga oladi.

    Ochilish marosimida Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Islom Jasimov ishtirok etdi.

    Tadbir davomida, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi 150 dan ortiq yirik korxona vakillari tomonidan hududlarning eksport salohiyatini namoyish etuvchi koʻrgazma tashkil etildi. Ekspozitsiyalarni koʻzdan kechirish chogʻida eksportyorlar va importyorlar oʻrtasida amaliy muloqotlar boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.

    Umumiy loyiha qiymati 709,71 milliard soʻmni tashkil etgan kompleks qurilishi uch bosqichli modul koʻrinishida amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, loyiha toʻliq ishga tushirilgach 810,0 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish imkonini beradi.

    Eng muhimi, hozirning oʻzidayoq 180 nafar doimiy, 400 nafardan ziyod mavsumiy ish oʻrinlari yaratila boshlagan. Majmua toʻliq quvvatda ishga tushirilgach, 1 410 nafar doimiy, 1 500 ga yaqin mavsumiy ish oʻrinlari yaratiladi.