Jizzaxda oʻzganing nomiga kredit rasmiylashtirgan firibgar ushlandi

    Mazkur holat yuzasidan firibgarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Jizzax viloyatida yashovchi ayol M.S. oʻzining bank kartasidan 20 mln. soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirilganligi boʻyicha IIOga murojaat qildi.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Jizzax viloyatida yashovchi R.A. sodir etganligi aniqlandi.

    Unga koʻra, gumonlanuvchi R.A., jabrlanuvchi ayol M.S.ga qoʻngʻiroq qilgan va oʻzini “Bank operatori” sifatida tanishtirib, “SMS” xabarnoma (soxta havola) yuborish orqali shaxsiy maʼlumotlarini qoʻlga kiritgan va uning nomidan mobil ilova orqali roʻyxatdan oʻtib, onlayn tarzda 20 mln. soʻm onlayn kredit rasmiylashtirgan va oʻsha vaqtning oʻzida mazkur pullarni oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank plastik kartasiga oʻtkazib olgan.