Jizzaxda qattiq maishiy chiqindi poligonlari quriladi

    Zarbdor, Arnasoy, Paxtakor, Mirzachoʻl, Yangiobod va Baxmal tumanlarida 6 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari quriladi.

    Jizzax viloyati ekologiyasi, atrof-muhitini muhofaza qilish uchun muhim ahamiyat kasb etgan ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida viloyatda nafaqat chiqindilarni maxsus konteynerlar yoki chiqindixonalarda turib qolishining, balki ularni oʻz vaqtida yuklash, olib chiqib ketish, xavfsizlantirish va qayta ishlanishi ham peshma-pesh va izchillik bilan amalga oshirilishi taʼminlanadi.

    Janubiy Koreyaning atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti(KEITI) hamda Jizzax viloyati hokimligi oʻrtasida qoʻshma memorandum imzolandi.

    Mazkur hujjatga asosan qiymati 6 million 600 ming AQSH dollari miqdoridagi grant va 90 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlari loyihasi asosida Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash koʻchma stansiyalarini yaratish, yangi qattiq maishiy chiqindi poligonlarini qurish va amaldagi poligonlarda zamonaviy talablarga javob beradigan chiqindixonalarni qayta qurish ishlarini amalga oshirish belgilangan.

    Mazkur loyihaning birinchi bosqichida Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida ekologik norma va sanitar talablarga javob beradigan zamonaviy qattiq maishiy chiqindi poligonlari barpo etiladi. Jalb etilayotgan mablagʻlar hisobidan 3 ta sanitar talablarga javob beradigan qattiq maishiy chiqindi poligonlari, 5 ta hududda kompostlash va chiqindilarni saralash kompleksi hamda Zarbdor, Arnasoy, Paxtakor, Mirzachoʻl, Yangiobod va Baxmal tumanlarida 6 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari quriladi.

    Ikkinchi bosqichda chiqindixonalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida qattiq maishiy chiqindi poligonlarida zichlash ishlarini amalga oshirish uchun 5 ta maxsus texnika, konteynerlarni tashish uchun 12 ta maxsus texnika, chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi uchun sigʻimi 60 kubometr boʻlgan 28 ta konteyner, 5 tadan buldozer, ekskavator, avtoyuklagich, samosval va kompostlash uchun uskunalar xarid qilinadi.

    Jizzax viloyati ekologiyasi, atrof-muhitini muhofaza qilish uchun muhim ahamiyat kasb etgan ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida viloyatda nafaqat chiqindilarni maxsus konteynerlar yoki chiqindixonalarda turib qolishining, balki ularni oʻz vaqtida yuklash, olib chiqib ketish, xavfsizlantirish va qayta ishlanishi ham peshma-pesh va izchillik bilan amalga oshirilishi taʼminlanadi. Eng muhimi yangi ish oʻrinlari yaratilib, vaqtincha band boʻlmagan aholi doimiy ish bilan taʼminlanadi.