Jizzaxda Qozon federal universitetining filiali ochildi

    Ta'lim 10 Oktabr 2022 3412

    Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov boshchiligidagi delegatsiya Jizzax shahrida boʻlib turibdi.

    Filialning ochilish marosimi oldi Tatariston Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – energetika vaziri, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, viloyat hokimi hamda hududdagi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Unda soʻnggi yillarda oliy taʼlim sohasidagi Rossiya-Oʻzbekiston hamkorligi, bugun uning mutlaqo yangi sifat darajasiga koʻtarilgani haqida soʻz bordi.

    Ushbu samarali hamkorlik natijasi oʻlaroq joriy oʻquv yilidan Qozon federal universiteti Jizzax filiali hisobiga yana bitta Rossiya oliy taʼlim muassasasi filiali faoliyati yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi. Bu oʻz navbatida, ikki davlat oliy taʼlim tizimlari muvaffaqiyatli integratsiyasining yorqin mahsuli ekani alohida taʼkidlandi.

    “Qozon federal universitetining yangi filiali ayni vaqtda mana shu muhim vazifani hal etishda yetakchilardan biriga aylanadi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Umid qilamanki, tayanch universitetning kuchli ilmiy va oʻquv-uslubiy salohiyati, uning xalqaro obroʻsi va koʻp yillik akademik anʼanalari bunga asos boʻlib xizmat qiladi”, – dedi oʻz nutqida A.Toshqulov.

    Uchrashuv davomida hozirda Qozon federal universiteti Oʻzbekistonning 32 ta yetakchi universiteti bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Ular oʻrtasida akademik almashinuv, oʻqituvchilarni maʼruzalar oʻqishga taklif qilish, professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish, magistrantlar, doktorantlar, izlanuvchilar uchun qisqa muddatli ilmiy amaliyotlar, shuningdek talabalar almashinuvi boʻyicha ishlar faol rivojlanayotganiga toʻxtalindi.