Jizzaxda quduqqa tushib ketgan keksa ayol qutqarib qolindi

    Xavfsizlik 24 Noyabr 2020 498

    2020-yilning 24-noyabr kuni ertalab soat 07:30 da Jizzax viloyati G‘allaorol tumani “Lalmikor” MFY hududida istiqomat qiluvchi 69 yoshli fuqaro uy qudug‘idan suv olib chiqmoqchi bo‘lib, ehtiyotsizliq oqibatida quduq ichiga tushib ketgan.

    Voqea sodir bo‘lgan joyga zudlik bilan katta leytenant Bohodir Norboboev boshchiligidagi Favqulodda vaziyatlar vazirligi viloyat boshqarmasi qutqaruv guruhi yetib borgan.

    Quduqning chuqurligi 19 metrni tashkil etadi. Qutqaruvchi Shodiyor Haydarov maxsus arqon yordamida quduqqa tushib, keksa ayolni xavfsiz olib chiqgan.

    U darhol kasalxonaga yuborildi. Yaxshiyamki, jabrlanuvchi jiddiy jarohatlar olmagan. Shifokorlar uning holatini ijobiy deb baholamoqda.