Jizzaxda “Sambhram” universiteti rasman ochildi

    Jizzax shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi “Jizzax shahrida “Sambhram” universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida ushbu oliygoh ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

    Marosimda viloyat hokimi Ergash Saliyev, “Sambhram Group” rahbari, doktor Nagaradj Venketej va boshqalar soʻzga chiqib, tarraqiyotning tamal toshi, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch – ilm-fan, taʼlim va tarbiyada ekanligini, Oʻzbekistonda taʼlim tizimini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablagʻ yoʻnaltirilayotganini taʼkidladi. Natijada maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlim tizimlari, ilmiy tadqiqot muassasalari faoliyatida yangidan-yangi sifat oʻzgarishlari roʻy berayotgani qayd etildi.

    Oliy taʼlim sohasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishda har bir hududda kamida bitta nodavlat oliy oʻquv yurti tashkil qilish muhim ahamiyatga ega. Axborot texnologiyalarini rivojlantirish va sohada malakali kadrlar tayyorlash oliy taʼlim muassasalari oldida turgan ustuvor vazifalardan biridir.

    “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi bunga yaqqol misol boʻla oladi. Ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi “Jizzax shahrida “Sambhram” universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaroriga asosan viloyat markazida ushbu universitet tashkil etildi.

    Sambxram universiteti Hindistonning Bangalor provinsiyasida joylashgan, – dedi Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev. – Provinsiya bundan 25 yil oldin mamlakatning eng qoloq hududlardan biri boʻlgan. IT (AyTi) sohasiga berilgan eʼtibor natijasida bugun mazkur provinsiyada 45 milliard dollarlik IT mahsulotlari eksporti amalga oshirilmoqda. Hudud iqtisodiyotining 60 foizini aynan mazkur soha tashkil etadi. Natijada Bangalor bugun Hindistonning eng ilgʻor hududlaridan biriga aylandi.

    Tadbirdan soʻng doktor janob V.Nagaraj mehmonlarga universitet ramziy sovgʻalarini topshirdi. Soʻng Jizzax shahridagi Sambram universiteti rasman faoliyatini boshlagani eʼlon qilindi va ishtirokchilar universitet kompyuter laboratoriyasi bilan tanishtirildi. “Sambhram” universiteti (Hindiston) nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanib, unda oʻqitish kunduzgi taʼlim shaklida, ingliz tilida hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

    Universitetda 2021-2022 oʻquv yilida 1 ming 501 nafar talaba, taʼlim muddati 4 yil boʻlgan (kunduzgi) 3 ta bakalavr yoʻnalish va taʼlim muddati 2 yil boʻlgan 2 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul qilindi. Ushbu universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston va Hindistonda oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.

    Bugungi kunda universitetda 260 oʻrinli talabalar yotoqxonasi hamda 100 oʻrinli professor-oʻqituvchilar uchun mehmonxona binosi taʼmirlanmoqda. Universitet faoliyatiga Hindistondan 6 nafar va Oʻzbekistondan 30 nafar professor-oʻqituvchi jalb etilgan boʻlib, umumiy ilmiy salohiyat 30 foizni tashkil etadi.

    A.Qayumov