2020-yil noyabrdan boshlab “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi ADM-Jizzakh zavodida uchta komplektatsiyadagi Seltos krossoveri va beshta komplektatsiyadagi K5 sedanini yigʻish boshlanishi xabar qilingandi.
Oʻzbekistondagi KIA Motors avtosaloni savdo boʻlimi xodimi Rahmatilla Nazarovning maʼlum qilishicha, ayni paytda mingtaga yaqin avtomobil tayyor holatda.
«KIA avtomobilining Seltos krossoveri va beshta komplektatsiyadagi K5 sedan markalarini Oʻzbekistonda yigʻish boshlangan. Hozirda mingga yaqin mashina tayyor. Ularga xaridorlar toʻlov qilishgan. Avtomobillar yaqin kunlarda savdoga chiqariladi.
Olib kelinishi rejalashtirilgan boshqa yangi modellar haqida hozircha maʼlumotlar yoʻq. Mashinalarga 5 yil kafolat beriladi», – dedi korxona xodimi.
Maʼlum qilinishicha, 31-martga qadar mashinalar mijozlarga yetkaziladi. Ayni paytda avtoulovlar Jizzaxdagi zavodda, Toshkent shahriga joʻnatishga tayyor turibdi.
Kompaniya vakili mijozlarga birinchi galda 2021-yilning 25-yanvarigacha yetkazib berish sharti bilan tuzilgan shartnomalar doirasida avtomobillar yetkazib berilishini qayd etdi.
Oʻtgan yilning oktyabr oyida kompaniya vakillari xaridorlar birinchi avtomobillarini 2020-yil dekabrida olishlari mumkinligini bildirishgandi. Ammo bu jarayon hamon amalga oshmadi. Roodell kompaniyasi bosh direktori Doniyor Davletiyarovning aytishicha, bu kechikishning sabablari yaqin kunlarda maʼlum qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, K5 sedanining narxi 249,9 million soʻmdan 369,9 million soʻmgacha, Seltos krossoveri 229,9 million soʻmdan 279,9 million soʻmgacha boʻlishixabar qilingan.
Shuningdek, 2021-yil oxiriga qadar yana 6 ta yangi model Oʻzbekistonga olib kelinishi aytilgan.
- Maʼlumot uchun, KIA Motors – Janubiy Koreyaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri. Bugungi kunda u 8 mamlakatda 14 ta ishlab chiqarish va yigʻish operatsiyalarida yiliga 1,4 milliondan ortiq avtomobil ishlab chiqaradi.
- KIA avtomobillari 172 ta mamlakatni qamrab olgan 3000 dan ortiq distribyutor va dilerlar tarmogʻi orqali sotiladi va xizmat koʻrsatiladi. Korporatsiya 40 mingdan ortiq xodimga ega va yillik daromadi 17 milliard AQSH dollaridan oshadi.