Jizzaxda yoʻqolgan ikki yoshli bolaning jasadi topildi

    Bosh prokuratura maʼlumotlariga koʻra, bola mahalliy aholiga mansub avtomashina haydovchisi tomonidan tasodifan orqaga haydalgan avtomobil bilan urib ketilgan.

    Bosh prokuratura matbuot xizmati Jizzax viloyatida bedarak yoʻqolgan ikki yoshli bolaning jasadi topilganining xabarini berdi.

    Maʼlum qilinishicha, bola Xorazm viloyati Urganch shahrida istiqomat qilgan va ota-onasi bilan Jizzax viloyati Zomin tumaniga, xususan, Duoba qishloq fuqarolar yigʻini hududiga mehmonga kelgan. U 2024-yil 5-iyul kuni soat 19:30 larda nomaʼlum tomonga chiqib ketgan va oʻshandan beri daragi chiqmagan.

    Bolani topish maqsadida mahalliy aholi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda koʻngillilar jalb etilgandi, shuningdek, uni topgan shaxsga 20 million soʻmlik mukofot puli ham eʼlon qilingandi.

    Qidiruv ishlari natijasida bolaning jasadi Zomin tumanidagi Oʻriklisoy qishlogʻidan 1,5 kilometr uzoqlikdagi togʻ yoʻlida jarohatlar bilan topildi.

    Bosh prokuratura maʼlumotlariga koʻra, bola mahalliy aholiga mansub avtomashina haydovchisi tomonidan tasodifan orqaga haydalgan avtomobil bilan urib ketilgan. Haydovchi bola nafas olmayotganini aniqlagach, jasadni yashash uyi yaqinidagi daraga olib borib tashlagan.

    Hodisa yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Dastlabki tergov harakatlari Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov boʻlimiga topshirildi.