Baxmal tumanida zaʼfaron tuganakpiyozboshlari yerga qadalib, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasida yangi tajribaga qoʻl urilgan edi.

Joriy yil zaʼfarondan olingan dastlabki hosil Yevropa mamlakatlariga eksport qilina boshlandi.

Shu kunlarda bu noyob oʻsimlik Baxmal dalalarida gulga kirdi. Endi tumandagi zaʼfaron plantatsiyalarini kengaytirishga qaror qilindi. Ayni maqsadda Italiyaning Breshia shahridan 20 millionta zaʼfaron tuganakpiyozboshi yuklangan yuk mashinalari Oʻzbekiston sari yoʻlga chiqdi.

Urugʻlik 6 ming 800 kilometr masofani, yaʼni Yevroosiyoning Sloveniya, Vengriya, Polsha, Belarus, Rossiya va Qozogʻiston kabi davlatlari hududini bosib oʻtib, yurtimizga yetib keladi.

Mazkur yirik investitsiyaviy loyihaning ahamiyati shundaki, Jizzax viloyatida yetishtirilgan hosil eng ilgʻor texnologiyalar yordamida qayta ishlanib, Yevropaga eksport qilinyapti.

Shuningdek, loyiha doirasida yaratilgan zaʼfaron klasteri atrofida pazandachilik, farmatsevtika va boshqa sohalarning mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish uchun qoʻshimcha quvvatlar barpo etilayotgani Baxmal tumanida 400 nafar doimiy va 30 mingdan ortiq mavsumiy ish oʻrni yaratilishiga xizmat qiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.