Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va Milliy gvardiya xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyida boʻlib, holat yuzasidan oʻrganish ishlarini olib bordi. Oʻrganish davomida sharlar yorilib, yaroqsiz holatga keltirildi va holatga chek qoʻyildi.

Taʼkidlash joizki, vazirlik tomonidan plastik oʻyinchoqlar, sharlarni uchirish, tabiatni ifloslantirishga, chiqindilar bilan toʻldirishga sabab boʻladigan boshqa shu kabi tadbirlar doimiy tarzda qoralab kelinmoqda.

Vazirlik tomonidan bu kabi holatlar taqiqlanganligi va javobgarlikka sabab boʻlishi qayta-qayta taʼkidlanmoqda.

Xususan, avvalroq «Yangi Oʻzbekiston» bogʻida 10 000 ta plastik oʻrdakchalar tushirilmoqchi ekanligi xabarlar tarqalgandi. Vazirlik bu holat yuzasidan keskin munosabat bildirdi. Natijada bu tadbir bekor qilindi.

Eslatib oʻtamiz, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-iyundagi «Ommaviy tadbirlarni oʻtkazishda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash boʻyicha talablarni kuchaytirish toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra, ommaviy tadbirlarda fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulotlar va tovar moddiy boyliklarini bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzon narxlarda sotish orqali jalb qilish taqiqlandi.