Jizzaxdagi YTH oqibatida ikki nafar oʻquvchi halok boʻldi

    Shu yilning 15-aprel kuni soat 12:40 larda Jizzax viloyati, Gʻallaorol tumanidagi “Oqtom” mahallasi hududidan oʻtgan yoʻlda YTH sodir boʻldi.

    Viloyat yoʻl harakati xavfsizlik boshqarmasining xabar berishicha, baxmallik 26 yoshli haydovchi oʻzining Lacetti avtomashinasida qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanib ketayotgan 5- va 7-sinf oʻquvchisini urib yuborgan.

    “100 km/soat tezlikda ketayotgandim, boshqaruvni yoʻqotdim, keyin bolalarni urib ketdim. Qolgani esimda yoʻq. Bunaqa boʻlishini bilmagandim”, – deydi haydovchi.

    Avtomashina yoʻl chetidagi uy devoriga borib urilgan. Oqibatda oʻsha yerdagi qoramolning ham joni uzilgan.

    Surishtiruv davomida erkak 2023-yilning dekabr oyidan bugunga qadar 11-marta yoʻl harakati qoidalarini buzgan. Holat yuzasidan tergov harakatlari boshlangan. Jinoyat kodeksining 266-moddasi, 3-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, haydovchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.