Sharof Rashidov tumani “Qanli” mahalla fuqarolar yigʻini nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi boʻlgan otaxon uchun har kuni shunday boshlanadi: kimningdir eshigi qoqiladi, kimningdir yuziga tabassum ulashiladi, kimningdir dardi eshitiladi. Maydalab yogʻayotgan yomgʻir, yuzni qizartiradigan darajadagi izgʻirin shamol ham Imomqul ota uchun ahamiyatsiz. Asosiysi, odamlarning shodligiyu tashvishiga daxldorlik va mahallaning tinchligi. Uning bu odatini mahalladoshlari yaxshi biladi. Shu bois, biron kishi muammoga duch kelsa, yechimini soʻrab ishonch bilan oqsoqolga murojaat qiladi.
Imomqul ota doimgidek aholi holidan xabar olish, ularning muammolariga quloq tutish bilan band. Kunning maromini oʻzgartirib yuborishi mumkin boʻlgan, hayotidagi eng unutilmas va kutilmagan voqea yaqinlashib kelayotganidan oʻzi ham bexabar edi. Ha, hayot kutilmagan voqealarga boy. Baʼzan bir daqiqa, hatto bir qadam ham inson taqdirida muhim burilish yasashi mumkin.
Bir payt viloyat hokimligidan masʼul shaxs qoʻngʻiroq qilib: “Imomqul aka, tabriklaymiz! Prezidentimiz tomonidan sizga maxsus sovgʻa yuborildi. Iltimos, uyingizda boʻlib turing, farzandlar, nevaralar, yaqinlaru qoʻshnilaringizni ham chaqiring. Bir soatdan keyin viloyat hokimi shaxsan oʻzi borib, sovgʻani topshiradi”, dedi.
Bu xabarni eshitgan Imomqul aka avvaliga ishonmadi. Bir lahzada yuragi qattiq urib ketdi. “Menga? Qanday qilib?” degan savollar xayolini chulgʻab oldi. Umri davomida mahalla tinchligi, yoshlar tarbiyasi, qariyalar xizmati uchun butun qalbi bilan ishlagan boʻlsa-da, bunday yuksak eʼtiborga loyiq koʻrilishi haqida hech qachon oʻylamagan edi.
Koʻp oʻtmay, uyi oldida xizmat mashinalari kelib toʻxtadi. Viloyat hokimi jizzaxlik faollar hamrohligida katta hurmat bilan Prezidentimizning samimiy minnatdorlik maktubi hamda “Sobalt” avtomashinasi kalitini Imomqul Berdiyevga topshirdi.
Maktubni qoʻliga olgan paytda oqsoqolning barmoqlari sezilar-sezilmas titradi. Nomadagi har bir harf, har bir soʻz va ifoda uning yuragiga chuqur kirib bordi. Otaxon bu eʼtiborni oʻzi bilan birga butun mahallasi, qoʻni-qoʻshnilari, yelkadosh faollarga yuksak eʼtibor ramzi sifatida qabul qildi.
Ovozi hayajondan titrab: “Prezidentimiz nazariga tushish men uchun katta baxt. Mahallam, yurtim uchun xizmat qilish — eng yuksak sharaf. Mana shunday ishonch esa meni yanada fidoyilik bilan mehnat qilishga undaydi”, dedi. Oila aʼzolari, qoʻshnilar va mahalla nuroniylari ham bu quvonchga sherik boʻldi, samimiy tabrikladi.
— Toʻgʻrisi, juda xursandman. Minnatdorligimni qanday ifodalashni bilmayman. Zero, bu Prezidentimizning tumanimiz, mahallamizga yuksak eʼtiborining yorqin namunasidir. Bu mukofot zimmamga katta masʼuliyat yukladi. Hozir shu haqda oʻylayapman. Shunga yarasha, gʻayrat-shijoatim ham oshmoqda. Bundan keyin ham bor bilimim va tajribam bilan Vatanimiz obodligi, xalqimiz farovonligiga xizmat qilaman, — dedi Imomqul Berdiyev. — Bugun mamlakatimiz, xususan, Jizzaxdagi ulkan oʻzgarishlarni koʻrib, hayratdamiz. Prezidentimizning viloyatimizga safari chogʻida soʻnggi sakkiz yilda Jizzaxda sanoat qiymati 2,5 trilliondan 25 trillion soʻmga, xizmatlar 2,5 trilliondan 20 trillionga, qishloq xoʻjaligi 9 trilliondan 30 trillion soʻmga oshgani taʼkidlandi. Albatta, bu soʻzlarni aytish oson. Bunday ulkan natijalar zamirida, mehnat, zahmat, fidoyilik, vatanparvarlik mujassam. Bular yangi Oʻzbekistondagi islohotlar samarasi. Prezidentimizning har bir soʻzi, borgan har bir manzili viloyatimiz ahli uchun katta imkoniyat, yangi bosqichning boshlanishi boʻldi. Ayniqsa, oʻzim tugʻilib oʻsgan Sharof Rashidov tumaniga koʻrsatilgan alohida eʼtiborni koʻrib, chin dildan quvondim.
Infratuzilmani yaxshilash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash uchun viloyatimizga kelgusi yili qariyb 10 trillion soʻm ajratilishi misli koʻrilmagan oʻzgarishlarning boshlanishidir. Shundan 1 trillion
700 milliard soʻmi aynan Sharof Rashidov tumaniga yoʻnaltirilar ekan. Bu xalqimizning mehnatini eʼtirof etish, tumanning salohiyatiga yuksak ishonchdir.
Qolaversa, 9 ta mahallaning infratuzilmasini yaxshilashga Jahon banki tomonidan 8 million dollar ajratilishi ham tumanimiz aholisi uchun juda katta yangilik boʻldi. Bu mablagʻ, albatta, har bir xonadon, har bir koʻcha va har bir oila turmushiga bevosita taʼsir qiladi.
Tumanimizdagi Eski toshkentlik, Saraylik, Yaxtanlik va Taraqqiyot mahallalarida 300 dan ortiq xonadon mebelchilik bilan shugʻullanadi. Ushbu soha uchun 3 gektar yerda maxsus mebelchilik markazi tashkil etiladi. Bu ish oddiy sex emas, balki sanoat darajasiga koʻtarilgan, minglab oilalarning daromadini oshiradigan yirik ustaxona boʻladi degani. Natijada 1500 dan ziyod insonning daromadi koʻpayadi.
Davlatimiz rahbari tumanimizda bitta ham istirohat bogʻi yoʻqligiga eʼtibor qaratdi. Bu juda toʻgʻri. Insonga dam oladigan, farzandlari, nevaralari bilan sayr qiladigan joy ham kerak. Shu bois, Yangihayot mahallasidan ajratilayotgan 10 gektar yerda yashil bogʻ barpo etish uchun 10 milliard soʻm ajratilishi tumanimiz ahliga ulkan sovgʻa boʻldi.
Yana qator muhim topshiriqlar berildi. Ajratilayotgan mablagʻlardan oqilona, xalq manfaati yoʻlida foydalanish, ularni oʻsish nuqtalariga yoʻnaltirish shular jumlasidan. Bu juda oʻrinli talab.
Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya sifatida rivojlantirish uchun master reja ishlab chiqiladi. Yevropalik mutaxassislar jalb qilinib, zamonaviy tajriba, ilgʻor shaharsozlik ishlari bajariladi. Bu ham tumanimizga yangicha ruh beradi.
Jizzax shahri va tumanimiz oʻrtasidagi 40 gektar hududda 1200 xonadonli 50 ta koʻp qavatli uy, bogʻcha, maktab, shifoxona barpo etilishi, yoʻl va elektr infratuzilmalari qurilishi — bularning barchasi xalq uchun, avlodlarimiz uchun katta imkoniyat. Muhimi, ikki hududni bogʻlaydigan yagona jamoat transporti tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Shu bilan birga, yangi massivda yagona maʼmuriy markaz qurilib, tumanimizdagi barcha davlat tashkiloti shu yerga koʻchirilishi ham boshqaruvni yaxshilaydi. Xalq bilan davlat idoralari oʻrtasidagi masofani qisqartiradi.
Prezidentimiz tashrifi chogʻida belgilab berilgan vazifalarni eshitib, tumanimiz va viloyatimiz hayotida haqiqatan yangi davr boshlanganini angladim. Bu ishlarning amalga oshishi yurtimizni obod, xalqimizni yanada farovon qiladi.
Imomqul ota bilan xayrlashar ekanman, yuzidagi samimiy tabassum va koʻzidagi quvonchni koʻrib, uning hayotdan, bugungi islohotlardan qanchalik mamnun ekanini angladim. Otaxonning faolligi, samimiyligi, fidoyiligi va vatanparvarligi har qanday insonda havas uygʻotadi.
Farhod NEʼMATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri








