Prezidentimizning joriy yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori ommaviy axborot vositalari faoliyati samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida Jizzax viloyati hokimining 2022-yil 26-avgustdagi 476-3-0-Q/22-sonli qarori qabul qilindi. Unga asosan Sharof Rashidov nomidagi Jizzax viloyati axborot-kutubxona markazi balansida boʻlgan Jizzax shahrining “Qassoblik” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Hamroqul Nosirov koʻchasi 12-uy manzilidagi bino negizida “Matbuot uyi” tashkil etildi. Mazkur joy Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi balansiga oʻtkaziladigan boʻldi.

Maʼlumot uchun, Prezidentning mazkur qarori bilan tasdiqlangan 2022-2023-yillarda ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining 42-bandida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari zimmasiga 2022-yilning avgust oyidan 2023-yilning may oyiga qadar Nukus shahri va viloyatlar markazlaridagi matbuot uylarini mukammal taʼmirlash hamda jihozlash ishlarini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.

Shundan kelib chiqib, viloyat hokimining qarorida ham tegishli masʼullarga ushbu binoni Agentlik tomonidan belgilangan reglament talablari asosida “Matbuot uyi”ga moslashtirish, taʼmirlash va jihozlash boʻyicha loyiha va sarf-xarajatlar smetasini ishlab chiqish topshirilgan.

Bundan anglash mumkinki, yaqin kunlarda “Matbuot uyi” Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi, markaziy bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining viloyatdagi muxbirlarini bir joyga jamlash orqali Prezidentimizning ochiqlik siyosati ijrosini tizimli tashkil etish, jurnalist va blogerlar hamda axborot xizmatlari rahbarlari bilan hamkorlikda ishlash, uchrashuv va muzokaralar olib borish, matbuot anjumanlari, seminar-trening va boshqa tadbirlarni oʻtkazish uchun “Media maydon” vazifasini oʻtaydi.

A. Qayumov