Bugun adliya organlarining xalq orasiga kirib borayotgani o'zining ijobiy samarasini bermoqda. Boisi, joylarda o'tkazilayotgan targ'ibot-tashviqot tadbirlari,  sayyor qabullar, o'tkazilayotgan monitoring va o'rganishlar chog'ida odamlarni uzoq yillar mobaynida qiynab kelgan muammolar yuzaga chiqmoqda va ular o'z echimini topmasdan qolayotgani yo'q. 

Jomboylik Oftob aya Ortiqova ham muammosi hal bo'lishini bir oy, bir yil yo nari boring 10 yil kutgani yo'q. Aya umrining 74 yilini shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega bo'lish orzusida o'tkazdi. eshigini taqillatib borgan mas'ullar esa ishni paysalga solishgan. O'z haq-huquqlarini bilmagan, huquqiy savodxonligi bo'lmagan oddiy bir ayol shu asnoda 70 yildan oshiq vaqtni kutish bilan o'tkazdi. 

Buning oqibatida fuqaro na pasport ololdi,  na pensiyaga chiqoldi. Jomboy tuman adliya bo'limining FHDYо bo'limiga murojaat qilgach,  masala qisqa fursatda ijobiy hal bo'ldi. FHDYо bo'limi mudirasi G.Bahriddinova  boshchiligida 1948 yilda tug'ilgan Oftob aya Ortiqovaning tug'ilganligi muddatini o'tkazib qayd qilinib, guvohnoma rasmiylashtirilib berildi. 

Fuqaro endi ushbu guvohnoma asosida shaxsini tasdiqlovchi pasport olib, pensiyaga chiqishni rejalashtirgan.

Tahlillarga ko'ra, FHDYо bo'limi tomonidan joriy yilning o'tgan 6 oyida 2311 ta tug'ilish qayd qilingan bo'lib,  shundan 40 tasi muddatini o'tkazib qayd qilingan.

Mansur Hasanov, 
Samarqand viloyat adliya  boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha maslahatchi