Jondoshlik qondoshlikdan boshlanadi

    Salomatlik 13 Sentabr 2021 904

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi tizimidagi bir guruh xodimlar Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan aksiya doirasida oʻzgalar hayotini saqlab qolish maqsadida oʻz qonini unga muhtojlarga begʻaraz topshirdilar.

    — Aksiyada ilk bor ishtirok etyapman, — deydi Margʻilon shahar DXM direktori Alisher Xakimov. — Aksiyadan xabar topib, darhol ishtirok etish ishtiyoqi tugʻildi. Yoshman, kuch-gʻayratim baland. Atrofimizda biz kabi sogʻlom insonlarga havas qilgan qanchadan-qancha bemorlar bor. Ularga madad kerak. Biz hozir ularni qoʻllab-quvvatlamasak, keyin kech boʻladi. Ayniqsa, bugungi koronavirus infeksiyasi avj olgan paytda atrofimizdagi insonlarga imkon qadar yordam qoʻlini choʻzishimiz lozim. Nasib boʻlsa, endilikda ushbu aksiyada doimiy qatnashmoqchiman.

    Eslatib oʻtamiz, ayni kunlarda Adliya vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimizning barcha hududlarida “Men donorman” aksiyasi davom etyapti, deb xabar beradi Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.

    2005-yil may oyida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Assambleyasining sessiyasida qon donorligini qoʻllab-quvvatlashga oid qaror qabul qilingan.

    Bugun yurtimizda keng jamoatchilikka donorlikning ijtimoiy ahamiyati, inson salomatligi uchun foydali jihatlari, baxtsiz hodisalar yuz berishi, shoshilinch tibbiy yordam har daqiqa zarur boʻlishi, begʻaraz donorlik haqida maʼlumotlar tarqatiladi.