Joʻrabek Rahimov viloyat hokimi etib tasdiqlandi

    Hukumat 31 Mart 2023 1892

    Urganch shahrida Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

    Sessiyada tashkiliy masala koʻrib chiqildi. Prezident Xorazm viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Rahimov Joʻrabek Rahimovich nomzodini tavsiya etdi.

    Nomzod viloyatda aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, sanoatni rivojlantirish, energetika quvvatlarini oshirish, ijtimoiy masalalarni hal etish, mahallada yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha rejalarini taqdimot qildi.

    Soʻng Xorazm viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qoʻyildi. Ovozga qoʻyish natijalariga koʻra, Joʻrabek Rahimov viloyat hokimi etib tasdiqlandi.

    Ayni paytda sessiyada viloyatni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinmoqda, kelgusi reja va vazifalar belgilab olinmoqda.