So'nggi kunlarda O'zbekistonning barcha hududlarida quruq va iliq ob-havo kuzatilmoqda. Keyingi kunlarda ham respublikamizda shunday ob-havo saqlanib turadi, deb xabar bermoqda O'zgidromet markazi.

Prognozlarga ko'ra, bugun va hafta davomida O'zbekiston bo'yicha havo asosan kam bulutli bo'ladi, yog'ingarchilik kutilmaydi. Faqat Farg'ona vodiysining ayrim tog'li hududlarida va respublika janubida ba'zi joylarda qisqa muddatli yomg'ir yog'ishi, momaqaldiroq bo'lishi mumkin.

25-aprelda shimolda va cho'l hududlarda ba'zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Respublikaning barcha hududlarida haroratning ko'tarilishi davom etadi. Havo harorati kechalari 13-15 gradusgacha, ba'zi joylarda 16-18 gradusgacha, kunduz kunlari 30-33 gradusgacha, cho'l hududlarda va respublika janubida ba'zi joylarda 35-37 gradusgacha ko'tariladi, bu aprel oyining oxirgi o'n kunlik me'yoriy qiymatlaridan 4-6 gradusga yuqoridir.

Poytaxtimizda bugun va ish haftasining oxirigacha havo biroz bulutli bo'ladi, yog'ingarchilik kutilmaydi. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat asosan kechasi 12-14 gradus, kunduzi 28-30 gradus bo'ladi.