Joriy oʻquv yilida TDTUda yangi “Gidroenergetika” taʼlim yoʻnalishida 50 nafar abituriyent qabul qilinadi

    Ta'lim 10 Iyun 2021 812

    Bu haqda AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda “Oʻzbekgidroenergo” AJ axborot xizmati rahbari Ravshan Boyqulov maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, “Oʻzbekgidroenergo” aksionerlik jamiyati raisining tashabbusi va saʼy-harakati bilan Jamiyatning malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyoji yuzasidan takliflari inobatga olinib, joriy oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat texnika universitetida “Gidroenergetika” taʼlim yoʻnalishi tashkil etilib, mazkur yoʻnalishda 5 nafar davlat granti, 45 nafar kontrakt-toʻlov asosida, jami 50 nafar talabani qabul qilish rejalashtirildi.

    Toshkent arxitektura-qurilish instituti “Gidrotexnika inshootlari qurilishi (turlari boʻyicha)” taʼlim yoʻnalishining qabul kvotasi 100 nafarga yetkazildi. Shundan, kunduzgi boʻlimga 75 ta (5 ta davlat granti, 70 ta toʻlov-kontrakt asosida), sirtqi boʻlimga 25 ta (toʻlov-kontrakt asosida) oʻrin ajratildi.

    Sohadagi kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tizimidagi “Oʻquvenergoqurilish” nodavlat taʼlim muassasasi alohida oʻrin egallaydi.

    Bugungi kunda, taʼlim muassasasi “Oʻzbekgidroenergo” AJ tizim korxonalari va boshqa tashkilotlarning mehnat bozoridagi ehtiyojidan kelib chiqib, jami 55 dan ortiq kasb-hunar turi boʻyicha taʼlimning Davlat standartlariga muvofiq oʻquv reja, dasturlar, texnik vositalar, yangi pedagogik va zamonaviy axborot texnologiyalari hamda xalqaro tajribalardan keng foydalangan holda, sifatli oʻquv-amaliy mashgʻulotlar olib borilmoqda.