Tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida xorijning vakolatli davlat tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buyuk Britaniya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Germaniya, Serbiya, Finlyandiya, Rossiya, Qozogʻiston kabi davlatlardan 422 ta tashkilot bilan hamkorlik kelishuvlari imzolanib, ularda 70 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlari aniqlangan. Xorijda ishlash istagida boʻlgan 22 000 fuqaro respublikadagi mavjud kasb-hunar markazlariga oʻqishga jalb qilingan.

2022-yilning oʻtgan 5 oyi davomida 6009 nafar fuqaro Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Turkiya, Germaniya, Yaponiya davlatlariga manzilli ishlarga joʻnatilgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish, moddiy yordam koʻrsatish hisoblanadi. Ushbu yoʻnalishdaga raqamlarda toʻxtaladigan boʻlsak, hisobot davrida jami 76 mingdan ortiq fuqarolarga xizmatlar koʻrsatilgan.

Shundan 67 148 nafar fuqaroga maslahat xizmatlari, 3657 nafar fuqaroga huquqiy, 4631 nafar fuqaroga ijtimoiy, 1412 nafar fuqaroga moddiy yordam, shundan 710 nafariga BHMning ikki baravaridan, jami 33 470 AQSH dollari miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatilgan. Shuningdek, 55 nafari vaqtinchalik xostellarga joylashtirilgan, ogʻir vaziyatgga tushib qolgan 338 nafar fuqaro esa Oʻzbekistonga olib kelingan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xorijdagi vakolatxonalariga mehnat huquqlarining buzilishi bilan bogʻliq, xususan, ish haqlarini undirib berish yuzasidan koʻplab murojaatlar kelib tushadi. Ana shunday murojaatlar oʻrganilib, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida yurtdoshlarimizning xorijiy ish beruvchilardan qariyb yarim million AQSH dollari miqdoridagi ish haqi undirib berilgan.

Taʼkidlash joiz, 2022-yil 1-martda qabul qilingan “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining yangi vakolatxonalarini ochish orqali xorijdagi yurtdoshlarimizga koʻrsatiladigan xizmatlar qamrovini kengaytirish belgilangan.

Ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida 2022-yil 1-iyundan Rossiya Federatsiyasining Tula, Voronej, Volgograd, Nijegorod, Irkutsk, Amur viloyatlari, Krasnodar, Krasnoyarsk, Perm oʻlkalari, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi, Qozogʻistonning Chimkent va Turkiyaning Istanbul shaharlarida Agentlikning yangi vakolatxonalari ish boshladi.

Bundan tashqari shu paytga qadar Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Samara, Ufa, Novosibrsk, Yekaterinburg shaharlari, Koreya Respublikasining Kvanju shahrida Agentlikning vakolatxonalari faoliyat yuritib kelayotgan edi.