Qishloq va mahallalarni obod qilish, aholi turmushini yaxshilash maqsadida bunday mablagʻ shu kungacha biror marta berilmagan. Asosiy vazifa esa shu mablagʻdan maqsadli foydalanish ekani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari hududlardagi kamchilik haqida gapirdi. Bugungi kunda mamlakatimizda eng ogʻir ahvolga tushib qolgan 796 qishloq va 188 shahar mahallalari mavjud. Shuningdek, 137 mahalladagi 431 ikki qavatli uy avariya holatida, 4 mingdan ziyod mahallaning elektr taʼminoti qoniqarsiz ahvolda.

Yigʻilishda qishloqlarga infratuzilma borsagina, tadbirkorlik rivojlanishini, qoʻshilgan qiymat yaratilishini barcha rahbarlar chuqur anglab yetishi kerakligi haqida ham soʻz bordi. Shu sababli, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari mutlaqo yangi yondashuvlar asosida shakllantirilgani aytildi.

– Joriy yilda qishloq va mahallalarda aholi sharoitini yaxshilashga jami 21 trillion soʻm yoʻnaltiramiz. Bunday mablagʻ, shu kungacha biror marta berilmagan, – dedi Prezidentimiz.

Bu mablagʻlar qishloq va mahallalarni 9 yoʻnalish boʻyicha rivojlantirish ishlariga ajratiladi.