Qayd etilishicha, joriy yilning 7 oylik yakunlariga koʻra birja savdolari orqali 797,3 ming dekalitr etil spirti, 12,6 ming tonna polivinilxlorid, 1 225 tonna formalin va 224 kilogramm kumush sotildi.
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2020-yilning mos davriga nisbatan 46,7% ga oʻsib, qariyb 46,0 trln soʻmni tashkil qildi. Bunda tuzilgan bitimlar hajmining 87%i birja savdolariga, qolgan qismi esa elektron tijorat savdo tizimlari, shu jumladan koʻrgazma-yarmarka savdolari, elektron davlat xaridlari, avtoraqam va mobil raqam onlayn auksionlariga toʻgʻri keldi.
Yanvar-iyul oylarida elektron davlat xaridlari boʻyicha tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi oʻtgan yilga nisbatan deyarli 2,4 barobarga oshib, 4 670,3 mlrd soʻmga teng boʻldi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablagʻlarining tejalishi ikki marotabaga oʻsib, 840,6 mlrd soʻmni tashkil qildi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda avtoraqam.uzex.uz vebsaytida onlayn-auksionlar orqali 168,7 mlrd soʻmlik 83,2 mingdan ziyod “chiroyli” avtoraqamlar sotildi. Bunda, avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 2,4 barobarga, hajmi boʻyicha – 42% ga oʻsdi. Sotilgan avtoraqamning eng past bahosi – 450,5 ming soʻmni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 441,5 mln soʻmni tashkil qildi. Tuzilgan bitta bitimning oʻrtacha qiymati 2,0 mln soʻmga teng boʻldi.