Joriy yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish topshirildi

    Hukumat 11 May 2023 1899

    Prezident raisligida joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish ahvoli, yoz mavsumida energotizimning barqaror ishlashini taʼminlash borasida koʻrilayotgan choralar muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi boshlandi.

    Yoz oylarining issiq kunlarida elektrga kunlik talab hozirgi 195 million kilovatt soatdan 255 million kilovatt soatga yetishi mumkinligi qayd etildi.

    Har bir hudud va tarmoq kesimida 2023-yilda elektr energiyasi tanqisligini ortigʻi bilan qoplash boʻyicha vazifalar aniq belgilangan edi.

    Shu bois davlatimiz rahbari yoqilgʻi-energetika majmuasi rahbariyati oldida viloyat hokimlari bilan birga yoz mavsumida hududlarda elektrga talabni qoplash, elektr tarmoqlarining yuqori yuklama sharoitida uzluksiz ishlashini taʼminlash, tarmoq va hududlarda energiyani tejash vazifalari turganligini koʻrsatib oʻtdi.

    Energetika vazirligi va “Oʻzbekneftgaz” AJga joriy yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, gaz ishlab chiqarish va zaxiralarni shakllantirish boʻyicha rejalashtirilgan koʻrsatkichlarga erishish topshirildi.