AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Ilhom Maʼrupov “Haj-2024” mavsumiga koʻrilayotgan tayyorgarlik haqida maʼlumot berdi:
“Haj-2024” mavsumiga puxta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida, dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga yetib borib, ayni paytda Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalarda, shuningdek, Mino, Arafot, Muzdalifa manzillarida boʻlib, yurtdoshlarimiz uchun barcha sharoitlarni hozirlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Shuningdek, oʻzbekistonlik ziyoratchilar uchun ajratilgan mehmonxonalar shay holatga keltirilgan hamda yurtdoshlarimizni kutib olish boʻyicha barcha zaruriy ishlar amalga oshirildi.
Joriy yilning 23-maydan 7-iyun kuniga qadar respublikaning 10 ta hududiy xalqaro aeroporti: Toshkent, Namangan, Fargʻona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari orqali hojilarni Madina shahriga yuborish hamda 22-iyundan 12-iyulga qadar Jidda shahridan Oʻzbekistonga olib kelish ishlari amalga oshiriladi.
Maʼlumot uchun: ziyoratchilarimiz Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasida, Makka shahrida esa “Abraj al-Dana”, “Al-Ayam Elite”, “Dali Hotel”, “Najma Al-Saad”, “Open Hotel”, “Shueae Nozha Hotel”, “Ayed Al-Saha” mehmonxonalarida istiqomat qiladilar.
Haj mavsumida oʻzbekistonlik ziyoratchilarga xizmat koʻrsatish, ibodatlarni emin-erkin hamda toʻla-toʻkis amalga oshirishlari uchun yuqori malakali Ishchi guruhi, shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari jalb etiladi.
Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq Haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida “Haj-2024” vizasi boʻlishi shart.
Saudiya Arabistoni hukumati qolgan barcha turdagi vizalar - umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar bilan haj tadbirini amalga oshirishga qatʼiy yoʻl qoʻymasligini eslatib oʻtamiz.