2022-yilda hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirishga 500 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi. Shundan kelib chiqib, hunarmandlarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 6 oygacha imtiyozli davr bilan 225 mln soʻmgacha kredit beriladi. Ular mablagʻlarni naqd pul koʻrinishida olishi ham mumkin.
Imtiyozli kredit ajratish boʻyicha “oilakredit.uz” elektron platformasida hunarmandlarni onlayn navbatga qoʻyish va ularning loyihalarini kreditlash uchun alohida boʻlim ishga tushiriladi.
2022-yildan boshlab “Oʻzekspomarkaz” pavilyonlarida “Craft fair Uzbekistan” xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasi tashkil etiladi.
Doimiy ravishda “Hunarmandchilik markazlari” va “Usta-shogird” maktablari turistik marshrutlarga kiritib boriladi. Hunarmandlar va ularning mahsulotlari boʻyicha maʼlumotlar samolyot va poyezd vagonlarda joylashtirib boriladi.
2022-yildan “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari uchun faoliyat yuritish joyidan qatʼi nazar, kommunal infratuzilma xizmatlari haqini toʻlash aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha va shartlar asosida amalga oshiriladi.









