Bu haqda bugun, 1-dekabr kuni Ichki ishlar vazirligi masʼullari tomonidan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtayotgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida 344 ta holatda xizmat vazifasini oʻtayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan fuqarolar tomonidan qarshilik koʻrsatilgan.
Shundan 194 ta holatda 258 nafar fuqarolarga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, sud hukmiga koʻra, 72 nafari javobgarlikka tortilgan.
“10 oy davomida 25 nafar xodimimiz xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan. Ulardan 9 nafari yoʻl-transport hodisasida oqibatida halok boʻlgan”, deydi IIV masʼuli.
Shuningdek, masʼullar kecha, 30-noyabr kuni Olmazor tumanida profilaktika inspektorining oʻldirib ketilishi bilan bogʻliq voqeaga ham toʻxtalib oʻtdi.
“Olmazor tumanida profilaktika inspektori xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs tomonidan pichoqlab oʻldirildi. Kechagina biz bilan ishlab turgan edi. Ikki nafar farzandi bor. Oilasiga nima deyishni bilolmay turibmiz”, deydi IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Hamza Mahsumov.
Taʼkidlanishicha, xizmat vazifasini bajarishda qahramonlarcha halok boʻlgan xodimlarning tahsil olgan maktablari va xizmat joylariga qahramonlik timsolini aks ettiruvchi “Yodgorlik lavhalari”ni oʻrnatish, “Vatanga sodiq oʻgʻlon” maʼrifiy burchaklarini tashkil etish boʻyicha samarali ishlar yoʻlga qoʻyildi.
Jumladan, ichki ishlar organlarida xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok boʻlgan jami 151 nafar xodimlarning tahsil olgan maktablarida xotira burchaklari tashkil etildi, shundan 122 nafarining tahsil olgan maktablariga byust hamda barelyeflar oʻrnatildi.