Avgust oyida harorat foni pasaya boshlaydi, bu oy iyul kabi juda issiq boʻlmaydi. Oʻzbekiston hududi boʻyicha avgust oyining oʻrtacha oylik harorati iyul oyiga nisbatan 1,5-2,5 darajaga past boʻladi. Ammo, shunga qaramay, avgust hali ham juda issiq oy hisoblanadi.
Avgust oyi quruq va biroz issiq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning katta qismida harorat asosan kunduzi 34-37 daraja atrofida, janubda baʼzi joylarda 40-41 darajagacha boʻladi. Bunday harorat yoz fasli uchun juda qulay boʻlib, u avgust oyidagi oʻrtacha yillik qiymatlarga yaqindir.
Kechalari harorat asosan 18-23 daraja boʻladi.
Uchinchi oʻn kunlikda harorat kechalari asta-sekin 13-18 darajagacha, kunduz kunlari 30-35 darajagacha, janubda 36-38 darajagacha pasayadi.
Avgust oyi asosan quruq boʻlishi kutilmoqda. Respublika hududining katta qismida oy davomida yomgʻir yogʻishi ehtimoli kam.









