Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Bulungʻur tumani boʻlimi tomonidan nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda. 

Tadbirlar davomida 2021-yil sugʻorish davrida suv tanqisligini yumshatish hamda olinayotgan suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv resurslari taʼminoti masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Inspeksiyaning tuman boʻlimlari inspektorlari tomonidan olib borilayotgan huquqiy-targʻibot tadbirlariga qaramasdan, suv resurslaridan foydalanishda amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga rioya etmaslik, suv isrofgarchiligi singari salbiy holatlar uchrab turibdi.

Xususan, tumandagi “Mirza Pay” ITB masʼul xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirida mazkur hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar noqonuniy ravishda 2 ta truba oʻrnatib, suv resurslaridan foydalanib kelayotganligi aniqlandi.

Tezkor tadbirlar bois, noqonuniy suv olish nuqtalari Samsung rusumli ekskavator yordamida yopilib, suv resurslari isteʼmoli ustidan nazorat oʻrnatmagani sababli “Bot-bot” kanali gidrotexnigiga nisbatan huquqiy taʼsir chorasi koʻrildi. Shuningdek, suv resurslari fermer xoʻjaliklarining shartnoma asosida ekilgan ekin turlariga yetkazib berilishi taminlandi.

Tumanning “Gulzor” MFYda yashovchi fuqaro I.G. “Mirza Pay” ITBga qarashli “Oqtepa” kanaliga elektronasos oʻrnatib, suvdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi. Xuddi shunday holat, tumanning “Yangi obod” qishlogʻida yashovchi fuqaro Sh.M. “Bot-bot” kanaliga ruxsatnomasiz charxpalak oʻrnatib, qoʻshimcha ravishda elektronasos orqali noqonuniy ravishda suvdan foydalanib kelayotgani maʼlum boʻldi, deya xabar beradi Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati.

— Yuqoridagi holatlar yuzasidan suvdan foydalanish qoidalariga rioya etmaganlarga nisbatan maʼmuriy chora koʻrildi. Joriy yilning 5 oyi davomida 23 ta qonunbuzilish xolatlari aniqlanib, tegishli tartibda qonuniy chora qoʻllanildi, — deydi Inspeksiyaning Bulungʻur tumani boʻlimi katta inspektori Azzam Boymirov.