Bosh prokuratura tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi sohasida sodir etilgan jinoyatlar tahlili muntazam ravishda amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-46-son Farmoni bilan daraxtlar kesilishiga moratoriy amal qilishiga qaramasdan joriy yilning oʻtgan davrida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bogʻliq 2 427 ta huquqbuzarlik qayd etilib, shundan 714 tup qimmatbaho navli daraxtlar noqonuniy kesilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan oʻsimliklar rejasiz va nazoratsiz yigʻib olinishi natijasida tabiiy zaxiralar va populyatsiyalarining oʻsish maydonlari qisqarishi kuzatilmoqda.
Masalan, Surxondaryo viloyati “Bobotogʻ” davlat oʻrmon xoʻjaligi hududida joriy yil iyul-sentyabr oylarida 11 550 tup tabiiy holda oʻsuvchi “tojik kavragi” dorivor oʻsimligi noqonuniy kesilib, tabiatga 5,7 mlrd. soʻm zarar yetkazilganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Oʻrmon fondi yerlarini muhofaza qilishga qaratilgan nazorat tadbirlari ham izchillik bilan olib borilmoqda. Jumladan, respublika boʻyicha jami 67,7 ming gektar maydonni tashkil etuvchi oʻrmon fondi yer uchastkalarini ijaraga berish bilan bogʻliq 8065 ta hujjatlar xatlovdan oʻtkazilishi natijasiga koʻra, oʻrmon fondi yer uchastkalarini qonunchilik hujjatlari talablariga zid ravishda ijaraga berish holatlari aniqlanib, 18 ta jinoyat, 46 ta maʼmuriy va 23 ta intizomiy ishlar qoʻzgʻatildi hamda noqonuniy egallangan 1539 gektar yerlar oʻrmon fondi hisobiga qaytarildi.
Umuman nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish toʻgʻrisida mutasaddi idoralarga 107 ta taqdimnoma kiritildi, 206 ta noqonuniy hujjatlarga protest keltirildi, sudlarga 4 ta daʼvo arizasi kiritildi, 304 nafar shaxslar maʼmuriy va intizomiy javobgarlikka tortildi, qoʻpol qonun buzilishi holatlari boʻyicha 7 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi hamda 228 nafar fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi.