Oʻz navbatida, agar bu tendensiya davom etsa, 2030-yilgacha kamharakatlik koʻrsatkichi 35 foizgacha oshishi mumkinligi ham aytilgandi.
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi ushbu tahlillarga asoslanib, kecha jismoniy faollik targʻibotiga doir yangi qoʻllanmani eʼlon qildi.
Undan oʻrin olgan koʻrsatmalar sport mashgʻulotlari orqali aholi salomatligini mustahkamlashni koʻzda tutadi.
Xususan, qoʻllanmada haftasiga 150 daqiqa oʻrtacha intensivlikdagi jismoniy faollik bilan shugʻullanish tavsiya qilingan. Yoki 75 daqiqalik kuchli jismoniy faollik ham buning oʻrnini bosa oladi.
Aks holda, kamharakatlik infarkt, insult, 2-tur qandli diabet, demans, koʻkrak va yoʻgʻon ichak saratoni kabi kasalliklarning rivojlanish xavfini oshiradi.
Xoʻsh, byuro tavsiyalariga amal qilish orqali qanday natijalarga erishish mumkin?
Yangi qoʻllanmada bu savolning javobi ham aks etgan.
Qayd etilishicha, agar Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi haftasiga 150 daqiqalik jismoniy faollikka erishsa, 2050-yilgacha 11,5 millionta kasallanish holatining oldini olsa boʻladi.
Jumladan, 3,8 million kishi yurak-qon tomir xastaliklariga, 400 ming nafar odam saratonga chalinish xavfidan himoyalanadi.
Qolaversa, bu orqali mintaqa boʻyicha yiliga bemorlar salomatligini tiklashga sarflanadigan 8 milliard yevro miqdoridagi xarajatlarni tejashga erishiladi.








