Qayd etilishicha, tuzdan meʼyordan ortiq foydalanish qon bosimi koʻtarilishi, infarkt, insult, buyrak kasalliklariga chalinish xavfini oshiradi.
JSST tavsiyalariga koʻra, kunlik natriy isteʼmoli 2 grammdan oshmasligi kerak. Bu taxminan 5 gramm, yanada soddaroq aytganda, bir choy qoshiq osh tuzi deganidir.
Biroq hozirgi kunda odamlar kuniga 4,3 grammdan ortiq natriy isteʼmol qilmoqda. Ushbu koʻrsatkich tavsiya etilgan meʼyordan qariyb ikki barobar koʻp.
Vaholanki, bundan oʻn ikki yil avval JSSTga aʼzo davlatlar bilan 2025-yilga borib, tuz isteʼmolini 30 foizga kamaytirish yuzasidan kelishuvga erishilgan edi. Ammo, afsuski, bu maqsad amalga oshmadi. Shu bois belgilangan muddat 2030-yilgacha uzaytirildi.
Yangi tavsiyalarga koʻra, anʼanaviy osh tuzi oʻrniga kaliy tuzidan foydalanish maqsadga muvofiq. Bu orqali, avvalo, qon bosimi normallashib, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi kamayadi. Asab tizimi yaxshilanadi.
Kaliy tuzi taʼmi va xususiyatlari boʻyicha oddiy tuzdan deyarli farq qilmaydi.
Toʻgʻri, kaliy tuzi hali keng ommalashmagan, ayrim hududlarda esa sotuvda topish qiyin. Qolaversa, narxi baʼzi mamlakatlarda oddiy tuzdan biroz qimmatroq boʻlishi mumkin. Ammo bu moddani keng isteʼmolga kiritish orqali muammoning samarali yechimini topsa boʻladi.