Bu haqda tashkilot veb-saytida eʼlon qilingan bayonotda maʼlum qilindi.
Unga koʻra, JSST “AstraZeneca” vaksinasi xavfidan koʻra foydasi yuqoriroq deb baholab, u bilan emlashni davom ettirish mumkinligini taʼkidlagan.
Shuningdek, tashkilotning vaksinalar xavfsizligi boʻyicha qoʻmitasi vaksina bilan bogʻliq soʻnggi maʼlumotlarini diqqat bilan oʻrganishda davom etmoqda. Baholash ishlari yakunlangach, JSST yakuniy natijalarni jamoatchilikka yetkazishi qayd etilgan.
Maʼlum qilinishicha, JSST ushbu xulosaga kelishdan oldin ayrim Yevropa Ittifoqi davlatlari ushbu vaksinadan ehtiyot chorasi sifatida foydalanishni toʻxtatganligini, bunga esa preparatni olgan odamlarda kam uchraydigan tromboz xastaligi kuzatilgani sabab boʻlgani ham inobatga olingan. Shuningdek, Yevropa Ittifoqiga aʼzo boshqa davlatlarning vaksinadan foydalanishni davom ettirishga qaror qilgani ham taʼkidlab oʻtilgan.
Tashkilot xabariga koʻra, koronavirusga qarshi emlash boshqa sabablarga koʻra kasallanish yoki oʻlim koʻrsatkichini kamaytirmaydi, tromboembolik asoratlar esa tez-tez uchrab turadi. Hozirda dunyoda eng koʻp uchraydigan yurak-qon tomir kasalliklari orasida uchinchi oʻrinda turadi. Amaldagi emlash yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy yon taʼsirlar haqidagi hisobotlar odatiy amaliyot boʻlib, ushbu hodisalar vaksina bilan bogʻliqlikni anglatmaydi.
Avvalroq Oʻzbekistonga AstraZeneca vaksinasining 660 ming dozasi keltirilgani haqida xabar qilgan edik.
Shuningdek kuni kecha AOKAda “Oʻzbekistonda koronavirus bilan bogʻliq vaziyat, vaksinatsiya jarayonlariga tayyorgarlik” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtgandi.