Qayd etilishicha, dunyo miqyosida infeksiyalarning dori vositalariga chidamliligi har yili oʻrtacha 5–15 foizga oshib boryapti. Bu antibakterial preparatlarning ortiqcha va notoʻgʻri qoʻllanilayotgani bilan bogʻliq.
Masalan, E.coli (Escherichia coli) bakteriyalarining 40 foizi, Klebsiella pneumoniae bakteriyalarining esa 55 foizidan ortigʻi ayni paytda peshob yoʻllari, qon va ovqat hazm qilish tizimi kasalliklarini davolashda keng qoʻllaniladigan antibiotiklarga chidamli.
Ayrim infeksiyalar esa hozirda mavjud barcha dori vositalariga faol qarshilik koʻrsata oladi. Salmonella, oltin stafilokokk va E.coli bakteriyalari sababli yiliga millionlab odamlar hayotdan koʻz yummoqda.
JSST vakili Silviya Bertanyolioning maʼlum qilishicha, 2021-yilda antibiotiklarga chidamli bakteriyalar tufayli qariyb 8 million odam vafot etgan.
Shundan kelib chiqib, hisobotda yangi avlod antibiotiklarini yaratish boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni jadallashtirish lozimligi aytilgan. Oʻz navbatida, bunday vositalardan foydalanishni kamaytirish zarur. Bu orqali bakteriyalar chidamliligi oshishini sekinlashtirish mumkin.








