JSST bezgakka qarshi birinchi vaksinani roʻyxatga oldi

    Dolzarb 8 Oktabr 2021 806

    JSST bezgakka (malyariya) qarshi dunyodagi birinchi vaksinaning ommaviy qoʻllanishini maʼqulladi.

    Mosquirix savdo brendi ostida tarqatiladigan vaksina sinovlarining soʻnggi bosqichi 2019-yildan buyon davom etayotgandi, sinovlarga Gana, Keniya va Malavida yashovchi 800 mingdan ortiq bola jalb qilingan.

    Vaksina 39 foiz hollarda infeksiyaning oldini olgan va 29 foiz hollarda kasallikning ogʻirlashish ehtimolini kamaytirgan. Ammo bezgakka qarshi dorilar bilan birgalikda vaksinaning jiddiy kasallik va oʻlimga qarshi samaradorligi 70 foizgacha koʻtarilgan.

    Afrikada 2019-yilda 386 ming aholi bezgak qurboniga aylangandi. Taqqoslash uchun: Afrikada pandemiya boshlanganidan buyon 212 ming kishi koronavirusdan vafot etgan.

    Bezgakka qarshi vaksinani yaratish ustida 30 yildan koʻproq vaqt davomida ish olib borilyapti, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, bezgak odamlarga chivin chaqishi orqali yuqadigan yuqumli kasallik. U oʻzi bilan isitma, titroq, jigar va taloq shishishini olib keladi.