Unda qayd etilishicha, dunyo boʻyicha 1,5 milliard nafargacha yoshlar quloqchinlar orqali musiqa tinglash yoki shovqin-suronga boy koʻngilochar manzillarda boʻlish oqibatida oʻz eshitish qobiliyatini yoʻqotishi mumkin. Tabiiyki, bu shunchaki taxmin yoki bashorat emas!

Chunki xavotirlanish uchun jiddiy asoslar bor. JSST ekspertlarining xulosasi soʻnggi 20 yil ichidagi oʻrganishlarni qamrab olgan. Qolaversa, 12 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan 19 ming nafardan ziyod yigit-qizlar ishtirokida oʻtkazilgan tadqiqot natijalarini jamlagan.

Maʼlum boʻlishicha, qatnashchilarning 24 foizi smartfonlardan quloqchinlar orqali baland tovushda musiqa tinglashga odatlangan. 48 foiz ishtirokchilar esa shovqin darajasi meʼyordan yuqori boʻlgan tungi klublarda vaqt oʻtkazishni xush koʻrgan.

Ushbu tahlillarni birlashtirgan tadqiqotchilar Yer yuzida 670 milliondan 1,35 milliard nafargacha yoshlar eshitish qobiliyatini yoʻqotishi mumkin, degan toʻxtamga kelishdi. Shifokorlar fikricha, mazkur muammoning oldini olish yoʻli oson. Buning eng samarali usuli musiqani pastroq chastotada va qisqa muddat tinglashdir.