JSST bolalar va yoshlar o‘rtasida yuz berayotgan o‘lim holatlarining asosiy sababini ma’lum qildi

    Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e’lon qilingan navbatdagi global hisobot bolalar va yoshlar o‘rtasida yuz berayotgan o‘lim holatlarining asosiy sababi tahliliga bag‘ishlandi.

    Unda qayd etilishicha, dunyoda har daqiqada ikki kishi yo‘l-transport hodisalari oqibatida hayotdan ko‘z yummoqda. Bu holat 5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlar o‘rtasida sodir bo‘layotgan o‘lim ko‘rsatkichlarining asosiy omili bo‘lib qolyapti.

    Tahlillarga ko‘ra, 2010-2021 yillar davomida faqat 10 ta davlat yo‘l-transport hodisalaridan o‘lim ko‘rsatkichlarini 50 foizdan ko‘proq qisqartirishga erishgan.

    Ular safida Belarus, Daniya, Yaponiya, Litva, Norvegiya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari yetakchi. Shuningdek, yana 35 mamlakatda 30-50 foiz pasayish tendensiyasi kuzatilgan.

    Yo‘l-transport hodisalarining eng ko‘p soni – 28 foizi Janubi-Sharqiy Osiyo, eng kami – 5 foizi Yevropa mintaqasida qayd etilgan. Har 10 o‘lim holatidan 9 tasi past va o‘rta daromadli mamlakatlarda sodir bo‘lmoqda.

    Bu kabi halokatlar qurbonlarining 53 foizi yo‘l harakatining "zaif qantashchilari"dir. Ular quyidagilar:

    23 foizi — piyodalar;

    21 foizi — ikki yoki uch g‘ildirakli motosikl haydovchilari;

    6 foizi — velosipedchilar;

    3 foizi — elektron skuter kabi mikromobil vositalar boshqaruvchilari.

    Yengil avtomashinalar haydovchilarining halok bo‘lishi bilan bog‘liq hodisalar esa birmuncha kamaygan va dunyodagi umumiy o‘lim ko‘rsatkichining 30 foizini tashkil etmoqda.