Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus bu holatga baho berar ekan, COVID-19ga qarshi emlash jarayonlari qator mamlakatlarda ancha sust davom etayotganini tanqid ostiga oldi.
Vaholanki, JSST tomonidan joriy yil ikkinchi yarmiga qadar har bir davlat aholisining kamida 70 foizi koronavirusga qarshi vaksinalar olishiga erishish maqsad qilingandi.
Bu borada belgilangan marraga shu kungacha faqat 58 davlat erishgan, xolos. Qolaversa, dunyo bo‘yicha tibbiyot xodimlari va 60 yoshdan oshgan odamlarning 75 foizi emlangani ham ijobiy ko‘rsatkich.
Ammo hali yuz millionlab kishilar, jumladan, kam daromadli mamlakatlar aholisining juda katta qismi vaksina bilan qamrab olinmagan. Tahlillarga ko‘ra, bu kabi davlatlarda o‘rtacha emlash darajasi atigi 13 foizni tashkil qilyapti.
Bu esa pandemiyaning yangi to‘lqinlari, avvalo, ana shu qatlam salomatligiga zarba berishi va xuddi shu mamlakatlar iqtisodiyotiga putur yetkazishi mumkinligini anglatadi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.