JSST: dunyoda qizamiqqa chalinish holatlari 20 foizga ortgan

    2023-yili ushbu xastalik qariyb 107,5 ming insonning hayotiga zomin boʻldi.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamda AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining yangi hisobotiga koʻra, oʻtgan yili dunyo boʻyicha 10,3 million bemorda qizamiq kasalligi aniqlangan. Xavotirli jihati, bu koʻrsatkich 2022-yilga nisbatan 20 foiz yuqori.

    Ekspertlarning xulosa qilishicha, xastalanish holatlari soni keskin ortishi bolalar qizamiqqa qarshi vaksinalar bilan yetarli darajada qamrab olinmayotgani oqibatidir.

    Masalan, mazkur patologiya profilaktikasi uchun ikki dozali vaksinalar qoʻllaniladi. Biroq 2023-yilda dunyo boʻyicha 22 million nafardan ortiq oʻgʻil-qiz birinchi bosqichda emlanmagan. 83 foiz bola vaksinaning birinchi dozasinigina qabul qilgan boʻlsa, faqat 74 foiz oʻgʻil-qiz tavsiya etilgan ikkinchi dozani olgan.
    Oqibatda oʻtgan yili Afrika, Sharqiy Oʻrta yer dengizi, Yevropa, Janubi-Sharqiy Osiyo va Gʻarbiy Tinch okeani mintaqalari mamlakatlarida qizamiqqa chalinish holatlari sezilarli darajada koʻpaygan.

    Shu tufayli 2023-yili ushbu xastalik qariyb 107,5 ming insonning hayotiga zomin boʻldi. Ularning aksariyati besh yoshgacha boʻlgan bolalardir.

    Shundan kelib chiqib, JSST tegishli hukumatlarni bolalar oʻrtasida ushbu kasallikka qarshi emlash qamrovini oshirishga chaqirdi.