Dunyoda tezpishar taomlarga talab hamon yuqori. Ayniqsa, yoshlar orasida! Shu bois “fast-fud”, yarim tayyor yeguliklar, qovurilgan kartoshka frisi, chips hamda turli qandolatlarning bozori chaqqon.
Ammo ushbu mahsulotlar tarkibida transyogʻlar koʻp miqdorda uchraydi. Bu esa mutaxassislarni jiddiy xavotirga solyapti.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan yangi hisobot ayni shu muammoga qarshi global tavsiyalarni oʻz ichiga olgan.
Xususan, JSST oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va tayyorlovchi tadbirkorlarni transyogʻlardan voz kechishga chaqirmoqda. Bu borada hukumatlarga ham tegishli talablar bor.
Tashkilot masʼul xodimi Franchesko Brankaning qayd etishicha, transyogʻlar yurak xuruji va oʻlim xavfini oshirayotgani sir emas. Yiliga 278 mingdan ortiq kishining hayotdan koʻz yumishi ayni shu zararli “masalliq” bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Aslida, hozir 53 mamlakat sanoat usulida ishlab chiqarilgan transyogʻlarga qarshi kurash boʻyicha ilgʻor usullarni qoʻllamoqda. Bu qariyb 3,7 milliard odamning salomatligini himoya qilish imkonini beradi.
2023-yilda shunday cheklovlar yettita davlat — Misr, Meksika, Nigeriya, Shimoliy Makedoniya, Filippin, Moldova va Ukrainada kuchga kirdi.
2024-yil yanvar oyida JSST beshta davlat – Daniya, Litva, Polsha, Saudiya Arabistoni va Tailandga sanoatda ishlab chiqarilgan transyogʻlardan voz kechish boʻyicha muvofiqlik sertifikatlarini taqdim etdi.
Ekspertlar xulosasiga koʻra, agar bunday ilgʻor amaliyotlar yana sakkizta mamlakatda joriy etilganida, bu xavfli mahsulot bilan bogʻliq oʻlim koʻrsatkichini 90 foizga kamaytirish mumkin edi.