JSST: Dunyoda vaboga chalinish koʻrsatkichi 58 foizga oshdi

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bayonotiga koʻra, soʻnggi oylarda dunyoning qator mintaqalarida vabo epidemiyasi keskin kuchaya boshladi.

    Xususan, may oyida 46 mingdan ortiq kishiga ushbu xavfli kasallik tashxisi qoʻyilgan va bu aprel oyiga nisbatan 58 foiz yuqori koʻrsatkichdir.

    Epidemiya oʻchoqlari 19 mamlakatda qayd etilgan. May oyida roʻyxatga olingan bemorlar soni – 46,4 ming nafardan ziyod. Ularning 185 nafari xastalik oqibatida hayotdan koʻz yumgan.

    Yuqori oʻsish dinamikasi asosan Sharqiy Oʻrta yer dengizi mintaqasi hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Afgʻonistonda 13 ming nafardan ortiq, Pokistonda esa 13 mingga yaqin yangi holat qayd etilgan.

    Umuman, joriy yil boshidan buyon sayyoramiz boʻyicha qariyb 195 ming odam ushbu xastalikni yuqtirgani aytilmoqda. Epidemiya qurbonlari soni 1,9 ming nafardan oshgan.

    Shu sababli JSST vaboning dunyo boʻylab tarqalish xavfini yuqori deb baholadi va 2023-yil yanvar oyidan 2024-yil mayigacha vaksinalarga boʻlgan talab ikki barobar oshganini maʼlum qildi.