Tashkilot bosh direktori Tedros Gebreyesusning taʼkidlashicha, oxirgi bir yil ichida dunyoda xolera vabosiga chalinish holatlari keskin koʻpaygan. Birgina joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyida 27 mamlakatda ushbu kasallik epidemiyasi kuzatilib, koʻplab bemorlar hayotdan koʻz yumgan.
Masalan, Suriyada soʻnggi olti haftada 10 ming nafardan ortiq kishi mazkur xavfli infeksiyaga gumon qilingan.
Pokistonda esa 1 500 dan ortiq odamning hayotiga zomin boʻlgan dahshatli suv toshqinlaridan koʻp oʻtmay xolera vabosi avj oldi. Agar shoshilinch choralar koʻrilmasa, yaqin haftalarda yana koʻplab odamlar xastalik qurboniga aylanishi mumkin.
“Xolera oqibatida bemorlar hatto bir necha soat ichida jon taslim qilishlari mumkin, — deydi JSST rahbari. — Shunga qaramay, zamonaviy tibbiyot maxsus muolajalar orqali xastalikni davolash imkoniyatiga ega. Kasallikka qarshi vaksinalar esa vabo profilaktikasida eng samarali chora.
Biroq dunyoning baʼzi mamlakatlari aholisi shundan ham bebahra. 2013-yilda hamkorlarimiz xoleraga qarshi vaksinalarning xalqaro zaxirasini yaratgandi. Ammo ular epidemiyaning oldini olish uchun yetarli emas. Shu bois, bu borada shoshilinch choralar koʻrishimiz zarur”.
Mutasaddining fikricha, jahonda bu yil turli epidemiyalar oqibatida sodir boʻlayotgan oʻlim holatlari besh yil avvalgi koʻrsatkichga nisbatan deyarli uch baravar oshganidan barchamiz toʻgʻri xulosa chiqarishi zarur.
Eslatib oʻtamiz, xolera vabosi ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvol ogʻirlashuvi va organizm suvsizlanishi bilan kechadigan oʻta xavfli oʻtkir infeksion kasallik hisoblanadi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.