JSST eksperti: Xitoyda noodatiy yoki nomaʼlum virus oʻchoqlari aniqlangani yoʻq

    Salomatlik 28 Noyabr 2023 829

    Soʻnggi haftalarda Xitoyda nomaʼlum virus tufayli bolalar oʻrtasida zotiljam (pnevmoniya) kasalligiga chalinish holatlari keskin koʻpaygani haqida xabarlar tarqalayotgandi.

    Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Xitoy Milliy sogʻliqni saqlash komissiyasiga rasmiy soʻrov yoʻlladi.

    JSSTning masʼul vakili Mariya Van Kerxove xastalik oʻchoqlari yuzasidan taqdim etilgan maʼlumotlarni tahlil qilar ekan, Xitoyda bolalar oʻrtasida pnevmoniya bilan kasallanish holatlari koʻpayishiga sabab boʻlgan noodatiy yoki yangi patogenlar aniqlanmaganini taʼkidladi.

    Mutaxassis xulosasiga koʻra, nafas olish yoʻllari xastaliklari koʻpayishi mamlakatda COVID-19 cheklovlari bekor qilinishi hamda mavjud infeksiyalarning mavsumiy qoʻzgʻalishi bilan bogʻliq.

    Shunga qaramay, hozirgi epidemiya 2018-2019-yillardagi singari oʻtkir bosqichda emas. Oʻz navbatida, yangi turdagi virus oʻchoqlari paydo boʻlishiga aloqador alomatlar qayd etilgani yoʻq.

    Xitoy Milliy sogʻliqni saqlash komissiyasi vakili Mi Fenning bayonoti ham shu mazmunda boʻldi. Qayd etilishicha, mamlakatda oʻtkir respirator kasalliklarning kuchayishi bir vaqtning oʻzida bir necha turdagi patogenlar sirkulyatsiyasi bilan bogʻliq. Ular orasida asosiysi grippdir.