Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining kechagi bayonotida aytilishicha, hozir dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida COVID-19 infeksiyasini yuqtirganlar soni ortib boryapti. Ekspertlar fikricha, ushbu oʻsish dinamikasi “omikron” shtammining yangi subvariantlari dunyo boʻylab keng taraqalayotgani bilan bogʻliq.

JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus shu haqda toʻxtalar ekan, ayni paytda “omikron”ning BA.2 versiyasi yer yuzida dominantga aylanganini taʼkidladi. Oʻz navbatida, Janubiy Afrika mintaqasida BA.4 va BA.5 variantlari tufayli kasallanish holatlari kundan-kun koʻpaymoqda. 

Toʻgʻri, keyingi paytlarda aholi oʻrtasida ommaviy immunitetning kuchayishi, jumladan, vaksinatsiya tadbirlari tufayli dunyoda koronavirusdan oʻlim hamda ogʻir holatlarda shifoxonaga yotqizish koʻrsatkichlari birmuncha kamaymoqda. Ammo bu xotirjamlik uchun asos boʻlolmaydi. 

T. Gebreyesusning qayd etishicha, vaziyat “eng yomon ssenariy” asosida rivojlangan taqdirda, COVID-19ning immunitetga “chap berish”ga qodir, yanada yuqumliroq va oʻlim darajasini oshiruvchi shtammlari paydo boʻlishi mumkin. 

“Pandemiyaning yangi toʻlqini yengil oʻtishi uchun Janubiy Afrika olimlari aholini yana bir bosqichda emlash zarurligini taklif qilishmoqda, — deydi u. — Chunki jahondagi barcha mamlakatlar aholisining 70 foizi toʻliq vaksina olmagunicha, koronavirus insoniyat hayoti va salomatligiga xavf solishda davom etaveradi”, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.