JSST eng koʻp tarqalgan saraton turini maʼlum qildi

    Koʻkrak bezi oʻsmalari yangi saraton kasalliklarining taxminan 12 foizini tashkil qiladi.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) rasmiy ravishda koʻkrak bezi saratonini dunyodagi eng keng tarqalgan saraton turi deb tan oldi. Koʻkrak bezi oʻsmalari yangi saraton kasalliklarining taxminan 12 foizini tashkil qiladi.

    Oʻpka saratoni reytingda ikkinchi oʻrinda turadi (u soʻnggi 20 yil ichida yetakchi boʻlib kelmoqda), kolorektal saraton esa uchinchi oʻrinda.

    Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, oʻtgan yili koʻkrak bezi saratonining 2,3 millionga yaqin yangi holatlari aniqlandi (saraton kasalligi aniqlangan umumiy sonining 11,7 foiz). Ayollarda koʻkrak bezi saratoni eng koʻp tashxis qoʻyilgan saraton va ayollar oʻlimning asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.

    JSST semirish koʻkrak bezi saratoni uchun asosiy xavfli omil ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Semirishdan tashqari, saraton kasalligining xavfli omillariga chekish, meva va sabzavotlarni yetarli darajada isteʼmol qilmaslik, jismoniy faoliyatning yetishmasligi va spirtli ichimliklar ichish kiradi.

    Mutaxassislar taxminiga koʻra, 2040-yilga qadar har yili 30 millionga yaqin yangi saraton bilan kasallanish holati aniqlanadi (oʻtgan yili bu koʻrsatkich 19,3 million edi).