JSST Yevropada COVID-19 bilan bogʻliq vaziyat yomonlashishi sababini aytdi

    Salomatlik 21 Sentabr 2020 1488

    Yevropaning qator mamlakatlarida cheklov choralari yumshatilgani va chegaralar qisman ochilgandan soʻng COVID-19 bilan kasallanish va undan oʻlim holati oʻsishi kuzatilmoqda.

    Yevropada epidemiologik vaziyatning yomonlashishi koronavirusga qarshi himoya choralariga rioya qilmaslik bilan bogʻliq. Bu haqda RIA Novostiga Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) Belgraddagi ofisi maʼlum qildi.

    Albaniya, Bosniya va Gersegovina, Sloveniya, Shimoliy Makedoniya, Xorvatiya, Chernogoriya va oʻzini oʻzi mustaqil deb eʼlon qilgan Kosovo respublikasida iyul va avgust oyida kasallik kamayganidan, cheklov choralari yumshatilgani va chegaralar qisman ochilgandan soʻng COVID-19 bilan kasallanish va undan oʻlim holati oʻsishi kuzatilmoqda.

    “Epidemiologik vaziyatning yomonlashishi sabablari fuqarolar tomonidan choralarga, ayniqsa, dam olishda, stadionlarda, tungi klublarda, diniy tashkilotlarda va bayramlarda va boshqa ommaviy yigʻilishda rioya qilinmaslikdadir. Infeksiyaning oldini olish va uning ustidan nazorat ayrim davlatlar uchun jiddiy chaqiriq boʻldi”, - deyilgan xabarda.

    Shuningdek, tashkilot barcha mamlakatlar bu vaziyatga tegishli choralar bilan hamda muvofiqlashgan va qatʼiy ravishda munosabat bildirishi zarurligini taʼkidlagan.

    Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, dunyo boʻylab koronavirus yuqtirib olganlar soni 31 milliondan oshib ketgan. Qurbonlar soni 963 mingdan ziyod kishini tashkil etmoqda.