JSST har yili qancha odam ovqatdan zaharlanishini e'lon qildi

    Ayni shu sabab bilan yiliga 420 ming kishi vafot etadi.

    Ko'pchiligimiz uchun ovqatdan zaharlanish tezda o'tib ketadigan, yengil holatdek ko'rinadi. Ammo dunyo bo'yicha aniqlangan raqamlar buni ko'rsatmayapti.

    Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko'ra, har yili 600 million odam ovqatdan zaharlanadi. Bu sayyoramizning deyarli har 10 aholisidan biri, degani. Ayni shu sabab bilan yiliga 420 ming kishi vafot etayotgani ham raqamlarda ko'rsatilgan.

    Odatda, ovqatdan zaharlanish mikroorganizmlar yoki kimyoviy moddalar bilan ifloslangan oziq-ovqatlarni iste'mol qilish oqibatida yuzaga keladi. Va ushbu holatning 40 foizi 5 yoshgacha bo'lgan bolalarga to'g'ri kelar ekan. Har yili 125 ming bola ana shu kasallikdan vafot etmoqda.

    Gap shundaki, kasallik keltirib chiqaradigan bakteriyalar, viruslar, parazitlar yoki zararli kimyoviy moddalarni o'z ichiga olgan xavfli oziq-ovqatlar diareyadan saratongacha bo'lgan 200 dan ortiq xastaliklarga sabab bo'ladi. Albatta, bular orasida diareya ovqatdan zaharlanishning eng keng tarqalgan ko'rinishi bo'lib, ushbu kasallik dunyo bo'yicha besh yoshgacha bo'lgan bolalar o'limining ikkinchi asosiy sababi hisoblanadi.

    Demak, vaziyat ancha jiddiy. Shunday ekan bunga be'etibor bo'lmagan ma'qul. Xo'sh, oziq-ovqatdan zaharlanishning oldini olish uchun uy sharoitida nimalarga e'tibor berish kerak? Bu borada mutaxassislar bir qancha tavsiyalarni beradi. Jumladan,

    • mahsulotlar, ayniqsa, tayyor yoki yarim tayyor mahsulotlarni saqlash muddatiga ahamiyat bering;
    • go'sht, baliq, yarim tayyor mahsulotlar, salatlarni muzlatgichda saqlang;
    • xom va pishgan go'sht, baliqlarni qayta ishlashda alohida kesish taxtalaridan foydalaning;
    • xom mahsulotlarni to'g'rab bo'lgach, pichoqlarni yaxshilab yuving;
    • sabzavot, meva va rezavorlarni yaxshilab oqar suvda yuvib, so'ng qaynoq suvda chaying;
    • oshxona va shaxsiy gigiena qoidalariga qat'iy rioya qiling.