Tahlillarga ko'ra, atmosfera havosining ifloslanishi yiliga dunyo bo'yicha 6 million 700 ming kishining hayotiga zomin bo'lmoqda. Bu raqam 2015 yilda e'lon qilingan ko'rsatkichlardan birmuncha yuqori. Xavotirli jihati, kelgusida vaziyat yanada yomonlashishi mumkin. Ifloslangan havodan nafas olish aholi o'rtasida xavfli kasalliklarning ko'payishiga sabab bo'ladi. Jumladan, xuddi shu omil tufayli zaharli moddalar o'pka orqali qon aylanish tizimiga kirib, yurak-qon tomir xastaliklarini keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, nafas yo'llarida jiddiy muammolar yuzaga keladi.
Kul zarralari va chang kontsentratsiyasi ortishidan allergiyaga moyil bemorlar ham aziyat chekadi. O'z navbatida, bronxial astma, demans va boshqa ko'plab surunkali kasalliklar rivojlanishi xavfi paydo bo'ladi. Mazkur global muammodan ayniqsa, o'rta va past daromadli mamlakatlar aholisi eng ko'p zarar ko'rishi taxmin qilinyapti. SHu sababli JSST dunyo davlatlari atmosfera ifloslanishining oldini olishga qaratilgan tezkor va samarali choralar ko'rishi zarur, degan xulosada., deb xabar beradi Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.









