JSST Hindistonda ishlab chiqarilgan yana bir yoʻtal siropidan ogohlantirdi

    Salomatlik 3 May 2023 1319

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Marshall orollari va Mikroneziyada Hindistonda ishlab chiqarilgan xavfli yoʻtal siropi yuki topilganini maʼlum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

    JSST Panjob QP Pharmachem Ltd tomonidan ishlab chiqarilgan Guaifenesin TG siropining sinovdan oʻtkazilgan namunalarida “qabul qilib boʻlmaydigan miqdorda dietilen glikol va etilen glikol” borligini taʼkidladi.

    Sirop tarkibidagi ikkala birikma ham odamlar uchun zaharli va isteʼmol qilingan taqdirda oʻlimga olib kelishi mumkin. JSST bayonotida kimdir preparat oqibatida kasal boʻlgan-boʻlmaganiga aniqlik kiritilmagan.

    QP Pharmachem Ltd boshqaruv direktori Sudhir Pazakning aytishicha, kompaniya barcha tartibga soluvchi ruxsatlarni olgandan keyin 18 346 ta sirop partiyasini Kambodjaga eksport qilgan. U mazkur mahsulot Marshall orollari va Mikroneziyaga qanday yetib kelganini bilmasligini aytdi.

    JSST bayonotida aytilishicha, koʻkrak qafasidagi yoʻtal alomatlarini yoʻqotish uchun ishlatiladigan mahsulot Avstraliya dori vositalari boshqarmasi, Terapevtik tovarlar boshqarmasi tomonidan sinovdan oʻtgan.

    Sirop Haryana shtatida joylashgan Trillium Pharma tomonidan sotilgan. Trillium vakili va Hindiston hukumati mazkur xabarga munosabat bildirmagan.

    “Na koʻrsatilgan ishlab chiqaruvchi, na sotuvchi JSSTga ushbu mahsulotlarning xavfsizligi va sifati boʻyicha kafolat bermagan”, — deyiladi tashkilot bayonotida.