JSST koronavirusni davolash bo‘yicha tavsiyalarini yangiladi

    Yangi tavsiyalarga ko‘ra, koronavirus tufayli shifoxonaga yotqizish xavfining uch asosiy toifasi mavjud: yuqori, o‘rta va past.

    Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga doir tavsiyalarini yangiladi. Mazkur qo‘llanma COVID-19ni muolaja qilishga taalluqli yangi usullarning klinik sinovlari bo‘yicha jamlangan so‘nggi xulosalarga asoslangan.

    Ko‘rsatmalar gospitalizatsiya xavfi yuqori va o‘rta bo‘lgan bemorlarda virusga qarshi remdesivir hamda molnupiravir preparatlarini qo‘llash bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.

    Unga muvofiq, shifoxonaga yotqizish xavfi o‘rta yoki past bo‘lgan va xastalik yengil o‘tayotgan bemorlarga remdesivir hamda molnupiravir dorilarini qo‘llash tavsiya etilmaydi.

    Bu preparatlardan faqat yuqori xavf guruhiga mansub kishilarda tibbiy ko‘rsatmaga ko‘ra foydalanish taklif etiladi.

    O‘z navbatida, virusga qarshi yangi VV116 preparatini klinik sinovlardan tashqari, kasallikning og‘irligidan qat’i nazar, har qanday darajasida qo‘llash tavsiya etilmaydi. Bunday cheklov koronavirusga chalingan bemorlarda ivermektin dorisini qo‘llashda ham amal qilishi maqsadga muvofiq.

    Mutaxassislar fikricha, yangi tavsiyalar COVID-19ning ayni paytdagi faol mutatsiya va subvariantlariga xos xususiyatlar hamda global emlash jarayonidan keyin insonlar immunitetida hosil bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.