Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa byurosi va Italiya Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbarining mintaqa davlatlari sogʻliqni saqlash vazirliklari rahbarlarining uchrashuvi yakunlari boʻyicha eʼlon qilingan qoʻshma bayonotida maʼlum qilindi.
Hujjatda xavf ostida boʻlganlarni, bolalar va xodimlarni, shuningdek, “COVID-19”ga nisbatan eng zaif qatlamni himoya qilishga qaratilgan maxsus choralarni koʻrish zarurligi qayd etilgan. Bundan tashqari, JSST onlayn taʼlim boʻyicha rejalar ishlab chiqishni taklif qilgan.
Zero, mutaxassislarning eslatishicha, virtual platformalar maktabda taqdim etilgan materiallarni oʻzlashtirish uchun nafaqat qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi, balki maktablar bir muncha vaqt karantinga olinishi kerak boʻlgan taqdirda taʼlimni toʻxtatmaslikka imkon beradi.
“Bolalar ”COVID-19“ga chalinishiga va infeksiyani boshqalarga yuqtirishiga qaramay, ularda xastalik, asosan, yengil yoki umuman alomatlarsiz kechadi”, deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, mutaxassislarning fikriga koʻra, maktablarning yopilishi taʼlim sifatiga, bolalarning rivojlanishi va sogʻligʻiga, shu jumladan, aqliy holatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa boʻyicha byurosi rahbari doktor Xans Klyuge va Italiya sogʻliqni saqlash vaziri boshchiligidagi virtual formatda boʻlib oʻtgan uchrashuv ishtirokchilari mintaqa mamlakatlarida epidemiologik vaziyatni kuchaytirmasdan maktablarni qanday ochish kerakligini batafsil muhokama qilishdi va oʻrta taʼlim muassasalarining toʻliq yopilishi soʻnggi chora boʻlishi va faqat istisno holatlardagina qoʻllanilishi kerakligini asosiy xulosa sifatida qayd etishdi.
“Biz bolalarning ushbu pandemiya qurboniga aylanishiga va ularga berilishi kerak boʻlgan imkoniyatlardan foydalana olmasliklariga yoʻl qoʻya olmaymiz”, deyiladi hujjatda.